2022-yilning 11-noyabr kuni Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati va Ron Van Roden boshchiligidagi Xalqaro valyuta jamg‘armasi delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muhokama chog‘ida Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev joriy yilning 10 oyida 123,8 trillion so‘m soliq tushumlari ta’minlanganini ta’kidladi. O‘tgan yilga nisbatan o‘sish 118 %ni tashkil etdi.
Qayd etilishicha, QQS bo‘yicha tushumlar 33%, AOS 40%ga oshgan. Bunday ko‘rsatkichlarga elektron hisobvaraq-faktura tizimiga to‘liq o‘tish, soliq to‘lovchilarni kontragentlar to‘g‘risida xabardor qilish maqsadida “Tax Gap” koeffitsiyenti hamda jamoatchilik nazorati vositasi – xaridlar qiymatining 1 foizini iste’molchilarga qaytarish (keshbek) tizimi joriy etilishi hisobiga erishildi.
Muloqot chog‘ida XVJ mutaxassislari soliq to‘lovchilar tomonidan soliq uzilishi koeffitsiyenti va uning soliqlarni to‘lashga ta’sirlari haqida so‘radi. Yil boshida soliq uzilishi koeffitsiyenti o‘rtacha 0,4 ni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning 10 oyida bu 0,15 ga kamaydi.
Ish o‘rinlarini qonuniylashtirish uchun shart-sharoit yaratish va “E-ijara” ko‘chmas mulk ijara shartnomasini ro‘yxatga olish xizmati, shu jumladan jismoniy shaxslar uchun ham ishga tushirilishi natijasida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlarida (o‘tgan yilga nisbatan 28 % ko‘p) ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Mazkur tizimda jami 243 ming soliq to‘lovchi ijara shartnomasini ro‘yxatdan o‘tkazgan bo‘lsa, ularning 162 ming nafari (67%) jismoniy shaxslardir. Umuman olganda, “E-ijara” xizmati soliq bazasini 9,5 trln so‘mga qonuniylashtirish imkonini berdi.
Xorijlik ekspertlar soliq xizmatini raqamlashtirish soliq qonunchiligi talablariga rioya etilishi va soliq majburiyatlarining to‘liq bajarilishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlab, hamkasblari bilan O‘zbekiston davlat soliq xizmati organlarining soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish, soliq intizomini mustahkamlash va 2023-yilda QQS stavkasini 12 %gacha pasaytirish kutilayotgani munosabati bilan budjetga soliq tushumlarini yo‘qotish bo‘yicha xavflarni minimallashtirish masalalarini muhokama qildi.