Budjet tushumlarini oshirish va berilgan bojxona imtiyozlaridan maqsadli foydalanish holatini monitoring qilish yuzasidan tasdiqlangan Yoʻl xaritasiga muvofiq, Soliq qoʻmitasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Bojxona, Gʻaznachilik xizmati qoʻmitalari mutaxassislari ishtirokida navbatdagi uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda soliq va bojxona organlari axborot tizimlarining oʻzaro integratsiyasini kengaytirish hamda bojxona imtiyozlaridan maqsadli foydalanish holatini monitoring qilish, budjet tushumlarini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Budjetga tushumlarni oshirishda tashqi manbalardan olinadigan elektron maʼlumotlar muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada soliq organlarining axborot tizimlari asosiy manbaa hisoblanadi. Shu sababli, maʼlumotlar almashinuvi jarayonida yuzaga kelayotgan ayrim dolzarb masalalar yechimi yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.
Tadbirda mavjud normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha tayyorlangan loyihalar koʻrib chiqildi. Yangi axborot tizimlarining oʻzaro integratsiyasini yanada takomillashtirish orqali tadbirkorlarga qulay sharoit yaratish hamda ortiqcha byurokratik toʻsiqlardan xalos etish masalalariga asosiy eʼtibor qaratildi.