Maʼlumki, millatning milliy o‘zligini anglashida ona tilining o‘rni beqiyos. Til – bu jahon madaniyatining eng oliy yutug‘i. Insoniyatning ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy kamolotini aks ettiruvchi ko‘zgu.
O‘zbekiston Respublikasi davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan aniq belgilangan. O‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biri.
YUNESKO eʼlon qilgan hisobotlarda dunyoda mavjud 7 mingga yaqin tilning qariyb yarmi yo‘qolib ketish arafasida turganidan xavotir bildiriladi.
Hozirgi kunda dunyo tillaridan faqat 40 tasi og‘zaki va yozma jihatdan mukammal shakllangan hisoblanadi. Bunday tillar orasida o‘zbek tilining ham borligi qalbimizda faxr-iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi.
Olimlarning aytishlaricha, til yashab qolishi uchun unda kamida 100 ming kishi muntazam ravishda muloqot qilishi kerak ekan. Bizning mamlakatimizda esa 27 milliondan ortiq kishi o‘zbek tilini o‘z ona tili deb biladi.
Til insoniyat ijodining butun rang-baranglikdagi betakror ifodasidir. Aloqa, idrok va tafakkur qurolidir. Shuningdek til o‘tmish, bugun va kelajak o‘rtasidagi aloqa vositasi hamdir.
Davlat tili deganda nafaqat shunchaki o‘zbek tilini, balki rasman tan olingan o‘zbek adabiy tilini tushunmoq kerak. Shunday ekan, birinchi galda davlat xizmatchilari shu narsaga befarq bo‘lmasalar davlat tilining umrboqiyligini taʼminlashga o‘z hissalarini qo‘shgan bo‘ladilar.
Shu yurtda tug‘ilib voyaga yetgan, shu yurtning tuzini ichgan, shu yurtning fuqaroligi yalovini ko‘tarib yurgan, shu muqaddas maskanni o‘ziga Vatan deb bilgan har bir inson, millatidan qatʼi nazar, davlat tilini hurmat qilishi va unda o‘z fikrini yozma va og‘zaki tarzda erkin bayon eta olmog‘i lozim.
Shunday ekan, davlat tilini hurmat qilaylik va uning gullab-yashnashi va jozibadorligini oshirishga barchamiz kamarbasta bo‘laylik!
Anvar Yaxshiyev,
tarix fanlari nomzodi, dotsent,
DSQ huzuridagi Fiskal institut bosh mutaxassisi.