Respublikamizda biznes uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar samarasi o‘laroq, tadbirkorlik subyektlari mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotining lokomotiviga aylanib bormoqda.
Biroq ayrim “uddaburon”lar faoliyatida soxta bitimlar tuzish, tovarsiz operatsiyalarni amalga oshirish va QQS summasini asossiz hisobga olib, uni budjetdan qaytarib olish holatlari uchramoqda.
Jumladan, soliq to‘lamaslik ilinjida bazi korxonalar huquqiy voris sifatida birlashtirilib, yangidan tashkil etilmoqda. Natijada mazkur tadbirkorlik subyektlari tomonidan milliardlab soliqlar budjetga to‘lanmay qolmoqda.
O‘tkazilgan tahlil natijasida, soliq xavfi yuqori bo‘lgan 81 ta soliq to‘lovchi (soliq qarzi 115,8 mlrd so‘m) 43 ta korxonaga birlashganligi maʼlum bo‘ldi.
Misol uchun, 3,3 mlrd so‘m soliq qarzdorligi mavjud bo‘lgan “KShS” korxonasi 2021-yil 7-yanvarda “BFIL” MCHJga qo‘shilgan. Natijada “BFIL” MCHJning 16,1 mlrd so‘mlik soliq qarzdorligi hosil bo‘lgan.
“BFIL” MCHJ esa 2021-yil 28-yanvarda “D-B” korxonasi tarkibiga qo‘shilgan. Oqibatda “D-B” korxonasiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan (korxona nomlari o‘zgartirilgan).
Eslatma: foyda (daromad) yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarni qasddan yashirish, kamaytirib ko‘rsatish, shuningdek davlat tomonidan belgilangan soliqlarni yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlash Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 174-moddasiga muvofiq javobgarlikka tortilishga sabab bo‘ladi.
Bunday holatlar maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin qayta sodir etilsa, Jinoyat kodeksining 184-moddasiga asosan javobgarlikka sabab bo‘ladi.