Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan toʻrtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2024-yil yil 7-noyabrda «Umumiy ovqatlanish, mehmonxona va turoperatorlik xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlarini ragʻbatlantirish va ularning qonuniy ishlashi uchun qoʻshimcha shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» 745-sonli qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga asosan, 2024-yil 1-oktabrdan boshlab turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini, 2025-yil 1-yanvardan boshlab umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlarga toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining (QQS) bir qismi respublika budjetidan qaytarilishi belgilandi.
Bunda turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlarga budjetga toʻlangan QQSning 20 foizi qaytariladi.
Umumiy ovqatlanish korxonalariga esa ularning oylik tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha aylanmasining naqd pulsiz qismi:
60 foizdan oshsa –toʻlangan QQSning 40 foizi;
60 foizdan kam boʻlganda – toʻlangan QQSning 20 foizi qaytarib beriladi.
QQSni qaytarish bir ish kuni muddatida soliq organining xulosasi asosida Gʻaznachilik boʻlimlari tomonidan tadbirkorning bankdagi hisobraqamiga oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, qaror bilan 2024-yil 1-dekabrdan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan jismoniy shaxslardan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari xarid qilinganda kirim hujjatlarini elektron tarzda rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi.
Bunda, mahsulot xarid qilinganligi boʻyicha dalolatnoma soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti yoki soliq mobil ilovasi orqali elektron tarzda shakllantiriladi va sotuvchi (jismoniy shaxs) tomonidan tasdiqlanishi talab etilmaydi.
Ushbu dalolatnoma kirim hujjatlariga tenglashtiriladi.
Soliq solish metodologiyasi departamenti