Soliq qoʻmitasida Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ekspertlari boshchiligida soliq, moliya, geologiya, togʻ-kon sanoati korxonalari hamda “O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari ishtirokida yer qaʻridan foydalanganlik uchun soliqni toʻlash boʻyicha qonun hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirishlar muhokama qilinmoqda.
XVJ missiyasining maqsadi – yer qaʼridan foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarining yangi normalarini qoʻllashda Oʻzbekistonning ixtisoslashgan mutaxassislariga amaliy yordam koʻrsatish.
Bunda soliq bazasini aniqlashning yangi tartibi, chegiriladigan xarajatlarni aniqlash va shu orqali soliq solinadigan bazani hisoblash usullarini toʻgʻri qoʻllash bo‘yicha davra suhbati o‘tkazilmoqda. Shuningdek, missiya davomida maxsus renta soligʻini hisoblab chiqarishning oʻziga xos xususiyatlariga alohida eʻtibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblab chiqarishda transfert narxni qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida tushunchalar berilmoqda.
Xorijiy ekspertlar yer qa'ridan foydalanish sohasida yangi soliq normalari qabul qilinishi natijasida O'zbekistonning investitsion jozibadorligi sezilarli darajada yaxshilanganini qayd etdi.
Missiya doirasida, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati vakillari ishtirokida qator seminar va mahorat darslari tashkil etildi.
Missiya ishi davom etmoqda.