Mamlakatimizda aholi bandligi va daromadlarini oshirishga har tomonlama ko‘maklashish, ishsizlar, ayniqsa, xotin-qizlar va mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan yoshlar bandligini ta'minlash bo‘yicha keng ko‘lamli choralar ko‘rilmoqda. Xususan, 2021-yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha tasdiqlangan davlat dasturiga (PQ-5094 28.04.2021-y.) muvofiq davlat soliq xizmati organlari tomonidan ham bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Hozirda barcha turdagi tadbirkorlik subyektlariga “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida to‘qqizta yo‘nalishda yordamlar ko‘rsatilmoqda. Bunda yangi ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va hunarmandchilik bilan shug‘ullanayotganlarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida, joriy yil 1-avgust holatiga 59 721 ta yakka tartibdagi tadbirkor ro‘yxatdan o‘tkazildi. Shundan 7 098 tasi hunarmandlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Ular tomonidan 5 014 ta ishchi yollangan bo‘lib, jami yaratilgan ish o‘rinlari 64 735 taga yetdi.
Hududlar kesimida yangi ro‘yxatga olingan yakka tartibdagi tadbirkorlar soni bo‘yicha yetakchi uchlik:
– Farg‘ona viloyati – 6 456 ta;
– Samarqand viloyati – 6 388 ta;
– Toshkent viloyati – 5 949 ta.
Hunarmandchilikda esa Farg‘ona (1 021 ta), Samarqand (707 ta) va Andijon viloyati (650 ta) aholisi faollik ko‘rsatmoqda.