Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 707-son qarori ga muvofiq yakka tartibdagi tadbirkorlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan faoliyat turlari bo‘yicha 5 nafargacha xodimlarni yollash huquqiga ega.
Yakka tartibdagi tadbirkor va xodim o‘rtasida yozma shaklda mehnat shartnomasi tuziladi. Shundan so‘ng, yakka tartibdagi tadbirkor uch ish kuni ichida xodimni soliq xizmati organida hisobga qo‘yish to‘g‘risida ariza yuborishi kerak. Bu elektron shaklda amalga oshirilishi mumkin.
Buning uchun yakka tartibdagi tadbirkor ERI kalitidan foydalangan holda my.soliq.uz saytida shaxsiy kabinetiga kirib, xizmatlar qatoridan “Yollangan xodimlarni ro‘yxatdan o‘tkazish” bandini tanlashi kerak.
Yollanma xodimlarni hisobga qo‘yish uchun ochilgan ariza shakliga yollanma xodimning JShSHIR (PINFL)ini kiritish va “Enter” tugmasini bosish lozim. Shundan so‘ng yollanma xodimning to‘liq ismi, pasport seriyasi, raqami, berilgan joyi va yashash manzili ko‘rsatilgan maydonlar avtomatik ravishda to‘ldiriladi.
Ochilgan oynadagi “Faoliyat turi” maydonida yakka tartibdagi tadbirkor shug‘ullanadigan faoliyat turi tanlanishi kerak. “Faoliyat amalga oshirish joyi” maydoni avtomatik ravishda to‘ldiriladi. Yollanma xodimning telefon raqami va mehnat shartnomasi muddati qo‘lda kiritiladi. Shuningdek, tuzilgan mehnat shartnomasini PDF formatida yuklab olish lozim.
Mehnat shartnomasi namunasi ushbu havolada - https://soliq.uz//storage/files/December2021/e4e480827d9ab3c7017dc1ac2e51000e.pdf
Yuqoridagi barcha amallar bajarilgandan so‘ng, “Arizani jo‘natish” tugmasini bosish lozim.
Taqdim etilgan ariza 1 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Yollanma xodim soliq organlarida hisobga qo‘yilgandan so‘ng, u haqidagi ma’lumotlar “Ro‘yxatdan o‘tkazilgan xodimlar ro‘yxati” bo‘limida aks etadi.
Ochilgan oynadagi jadvalda hisobga olingan yollanma xodimlarning to‘liq ro‘yxati shakllanadi. Ularning har biri haqida quyidagi fayllarni yuklab olish mumkin – ariza, kartochka (soliq organlarida hisobga qo‘yilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma) va faoliyatini vaqtincha to‘xtatganligi to‘g‘risidagi bildirishnoma.
Xodimni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi ariza berilgan kundan e’tiboran 1 ish kunidan kechiktirmay xodimning QR-kodli ro‘yxatga olish kartasi yakka tartibdagi tadbirkorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi. Muddati o‘tgan ro‘yxatga olish kartasi amal qilish muddati tugagan deb hisoblanadi.