O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi
Размер шрифта 15 px
A - A +
Цвета сайта
Ц Ц Ц Ц Ц
Изображения
Дополнительно
Настройки
Междустрочный интервал
Стандартный Средний Большой
Межбуквенный интервал
Одинарный Полуторный Двойной
Встроенные элементы (Видео, карты и тд.)
Включить Выключить
71 202-32-82
/ 1198
Call-markaz
Hududiy organlar
Umumiy ma'lumot
Qo‘mitaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi -
O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi;
qisqartmasi -
Davlat soliq qo‘mitasi yoki DSQ;
b) rus tilida:
to‘liq nomi -
Государственный налоговый комитет Республики Узбекистан;
qisqartmasi -
Davlat soliq qo'mitasi yoki DSQ;
v) ingliz tilida:
to‘liq nomi -
State Tax Committee of the Republic of Uzbekistan;
qisqartmasi -
State Tax Committee yoki STC;

O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda Qo‘mita deb ataladi) soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini va davlatning iqtisodiy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash sohasidagi nazorat bo‘yicha respublika davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Qo‘mita O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.

Qo‘mita o‘z faoliyatida O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlar davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, soliq to‘lovchilar, shu jumladan yuridik va jismoniy shaxslarning ijro etishi uchun majburiy hisoblanadi.

Qo‘mita, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) davlat soliq inspektsiyalari (keyingi o‘rinlarda davlat soliq xizmatining hududiy organlari deb ataladi), Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspektsiyasi (keyingi o‘rinlarda Hududlararo inspektsiya deb ataladi), shuningdek, Qo‘mita tizimiga kiradigan tashkilotlar yuridik shaxs hisoblanadi, O'zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisobraqamlariga, shu jumladan chet el valyutasidagi hisobraqamlariga ega.

Davlat soliq xizmati organlari o‘z faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqil ravishda amalga oshiradilar.


  • Yuqori turuvchi tashkilot

      O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.

      O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari, vazirlar, davlat qo‘mitalarining raislaridan iborat. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatining boshlig‘i Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi.

      Vazirlar Mahkamasi:

    • samarali iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, pul-kredit siyosati yuritilishi, fan, madaniyat, ta'lim, sog‘liqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi uchun javobgar bo‘ladi;
    • Fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
    • Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtiradi va yo‘naltiradi, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni ta'minlaydi;
    • O'zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta'minlaydi;
    • O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga har yili mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan ma'ruzalar taqdim etadi;
    • O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va O'zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
    • Vazirlar Mahkamasi konstitutsiyaviy normalar doirasida va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq O'zbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.

      Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti oldida javobgardir.

      Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatini O'zbekiston Respublikasining 6 may 1993 yildagi «O'zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq olib boradi.

  • Asosiy vazifalari va funktsiyalari
    1. Qo‘mitaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
    • davlat soliq siyosatini amalga oshirish hamda soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblab chiqarilishi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishi yuzasidan nazoratni ta'minlash;
    • O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti (keyingi o‘rinlarda Davlat byudjeti deb ataladi) va davlat maqsadli jamg‘armalariga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq o‘z vaqtida va bir xildagi tushumini ta'minlash hisobiga Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining daromad qismini barqaror shakllantirish;
    • soliq to‘lovchilar va soliq solish ob'ektlarining o‘z vaqtida hamda ishonchli hisobga olinishini ta'minlash, ularning to‘liq qamrab olinish mexanizmlarini soliq ma'muriyatchiligi jarayoniga ma'lumotlarni to‘liq yig‘ish va qayta ishlashni ta'minlaydigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg‘or avtomatlashtirilgan tahlil uslublarini keng joriy etish orqali takomillashtirish;
    • soliq solinadigan bazani kengaytirish bo‘yicha tahlil qilish va ta'sirchan choralar ishlab chiqish, shu jumladan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning dinamikasi va hududlarning soliq salohiyatini tizimli tahlil qilish orqali ta'sirchan choralar ishlab chiqish, soliqlar yig‘ilishini oshirish bo‘yicha choralarni amalga oshirish, soliq nazoratini amalga oshirishning zamonaviy uslublarini joriy etish;
    • pul mablag‘larining g‘ayriqonuniy aylanishi manbalariga barham berish, aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan naqd pul tushumining to‘liq va o‘z vaqtida topshirilishi yuzasidan muntazam nazoratni ta'minlash;
    • bozorlar va savdo komplekslarining moliya-xo‘jalik faoliyati, ular tomonidan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish hamda ularning hududida aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazib, jinoyat ishlarini tergovga tegishliligiga ko‘ra huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirish;
    • soliq to‘lovchilar o‘z soliq majburiyatlarini ixtiyoriy bajarishi uchun maqbul shart-sharoitlar yaratish, har bir xodim tomonidan "Soliq xizmati -insofli soliq to‘lovchilarning ishonchli hamkori" degan maqsadli vazifani so‘zsiz bajarish;
    • soliq to‘lovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish, soliqqa oid huquqbuzarliklarning profilaktikasi, ularni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha kompleks tadbirlarni bajarish;
    • soliq to‘lovchilarga muloqotsiz elektron xizmat ko‘rsatishga to‘liq o‘tish yo‘li orqali soliq to‘lovchilar bilan ishlashni takomillashtirish;
    • qonun hujjatlarini takomillashtirish va soliq to‘lovchilarning faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar kiritish;
    • kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, davlat soliq xizmati organlarini yuksak ma'naviy-axloqiy sifatlarga ega bo‘lgan malakali xodimlar bilan to‘ldirish, shuningdek, kadrlarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish;
    • davlat soliq xizmati organlari xodimlariga korporativ etikani singdirish, korruptsiya faktlariga keskin barham berish bo‘yicha ta'sirchan choralarni, shu jumladan xodimlar manfaatlarining to‘qnashuvini hal qilish yo‘li bilan amalga oshirish, ishga rasmiyatchilik bilan yondashishga barham berish, shuningdek, xodimlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini ta'minlash, o‘z xizmat faoliyati samaradorligini oshirish motivatsiyasi tizimini joriy etish va ular uchun xizmatni o‘tashning munosib shart-sharoitlarini yaratish;
    • hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha davlat soliq xizmati organlariga biriktirilgan sektorlarda soliq solish sohasidagi tizimli muammolarni o‘rganish va aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

    2. Qo‘mita o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:
    • a) davlat soliq siyosatini amalga oshirish hamda soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblab chiqarilishi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishi yuzasidan soliq nazoratini ta'minlash sohasida:
    • soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning Davlat byudjetiga va davlat maqsadli jamg‘armalariga tushishi prognozini ishlab chiqishda qatnashadi;
    • soliq to‘lovchilar faoliyatining soliq tekshiruvlarini, shuningdek, soliq to‘lovchilar tomonidan fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga jamg‘arib boriladigan pensiya badallarining to‘g‘ri hisoblab chiqarilishi, to‘liq va o‘z vaqtida kiritilishi tekshiruvlarini belgilangan tartibda o‘tkazadi;
    • davlat soliq xizmati organlari tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar faoliyatini soliq tekshiruvi o‘tkazilishida qonun hujjatlarida belgilangan tartibiga rioya qilinishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
    • yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan valyuta eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda qonun hujjatlariga rioya etilishini belgilangan tartibda nazorat qiladi;
    • soliq to‘lovchilardan yoki ularning mansabdor shaxslaridan tushuntirishlar oladi, soliq to‘lovchining mol-mulki mavjudligini tekshiradi, shuningdek, hududlarni, ishlab chiqarish, omborxona, savdo binolarini va boshqa binolarni, shu jumladan soliq to‘lovchilar tomonidan daromadlar olish uchun foydalaniladigan yoxud soliq solish ob'ektini saqlash bilan bog‘liq joylarni ko‘zdan kechiradi yoki tekshiradi;
    • xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar tomonidan pul mablag‘lari va moddiy boyliklarning buxgalteriya hisobini yuritishning belgilangan tartibiga rioya qilinishini, korxonalar hududiga moddiy boyliklarni olib kirish va u erdan olib chiqishda korxonalarda ruxsat berish tizimi ishlarining tashkil etilishi holatini tekshiradi;
    • soliq to‘lovchining moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) jarayonida hisobotdagi ma'lumotlarning ishonchliligi va to‘g‘riligini aniqlash, davlat soliq xizmati organlariga taqdim etilgan moliyaviy hisobotlar va soliq hisob-kitoblarida faktlarning buzib ko‘rsatilishini aniqlash va ularni bartaraf etish uchun buxgalteriya hisoblarini va moliyaviy hisobotlarni tekshiradi;
    • moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) davomida xom ashyo, materiallar, yarim fabrikatlar va tayyor buyumlarni tortib ko‘radi va o‘lchaydi, ishlab chiqarilgan mahsulotning haqiqiy tannarxini va taqdim etilgan soliq hisob-kitoblarining to‘g‘riligini aniqlash uchun xomashyo va materiallar sarfi normalari, ularning mahsulot ishlab chiqarish uchun to‘g‘ri hisobdan chiqarilishini, tayyor mahsulotning to‘liq kirim qilinishini, mahsulot chiqishi normalari hamda moddiy boyliklarni saqlash va tashishda tabiiy yo‘qotishlar normalari to‘g‘ri belgilanishini aniqlash uchun xomashyo va materiallarni ishlab chiqarishda nazorat tariqasida ishlatib ko‘radi, xomashyo, materiallar va tayyor mahsulotlarni nazorat tariqasida tekshiradi;
    • yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;
    • jismoniy va yuridik shaxslardan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishi to‘g‘risida kelib tushgan murojaatlar, xabarlar va boshqa axborotlarni tekshiradi;
    • soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishi faktlarini tahlil qiladi hamda soliqqa oid huquqbuzarliklarga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli organlarga takliflar kiritadi;
    • huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda soliqqa oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashishning uzoq muddatli hamda joriy dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
    • b) Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalariga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq o‘z vaqtida va bir xildagi tushumini ta'minlash hisobiga Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining daromad qismini barqaror shakllantirish sohasida:
    • soliq to‘lovchilarning majburiyatlari paydo bo‘lishi (to‘xtatilishi) to‘g‘risida axborot taqdim etadigan organlar va tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;
    • belgilangan tartibda soliq to‘lovchilar tomonidan taqdim etilgan moliya va soliq hisobotlarini, shuningdek, soliq to‘lovchilarning faoliyati to‘g‘risida soliq organlarining yagona integratsiyalashtirilgan axborot resurs bazasida yig‘ilgan boshqa hujjatlarni o‘rganish va tahlil qilish asosida kameral nazoratni amalga oshiradi;
    • o‘zaro tuzilgan kelishuv asosida soliq monitoringida ishtirok etayotgan soliq to‘lovchi tomonidan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblanishi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishi soliq monitoringini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi;
    • davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulkni sotishdan olingan pul mablag‘larining davlat daromadiga to‘liq va o‘z vaqtida tushishi nazoratini, shuningdek, davlat organlariga berilgan mol-mulkning hisobga olinishini ta'minlaydi;
    • soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning tushumini ta'minlash, shu jumladan respublika va mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirishning qo‘shimcha zaxiralarini aniqlash bo‘yicha moliya organlari, manfaatdor vazirliklar va idoralar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik qiladi;
    • v) soliq to‘lovchilar va soliq solish ob'ektlarining o‘z vaqtida hamda ishonchli hisobga olinishini ta'minlash, ularning to‘liq qamrab olinish mexanizmlarini soliq ma'muriyatchiligi jarayoniga ma'lumotlarni to‘liq yig‘ish va qayta ishlashni ta'minlaydigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg‘or avtomatlashtirilgan tahlil uslublarini keng joriy etish orqali takomillashtirish sohasida:
    • soliq to‘lovchilar, soliq solinadigan baza, shuningdek, soliq solish ob'ektlari va soliq solish bilan bog‘liq bo‘lgan ob'ektlarning to‘liq, o‘z vaqtida va ishonchli hisobga olinishini ta'minlaydi;
    • yuridik va jismoniy shaxslarga, ularni soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamlari berilgan holda soliq to‘lovchilar sifatida hisobga qo‘yish to‘g‘risida hujjatlar berilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil qiladi;
    • O'zbekiston Respublikasi soliq to‘lovchilarining yagona reestrini shakllantiradi va yuritadi;
    • soliq organlarining yagona integratsiyalashtirilgan axborot resurs bazasida soliq to‘lovchilar bo‘yicha soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning hisoblab chiqilishi va amaldagi tushumlari hisobini yuritadi;
    • soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar hisobini yuritadi;
    • banklar tomonidan tegishli axborot taqdim etilishiga ko‘ra bank hisobvaraqlari bo‘yicha olti oy mobaynida (savdo va savdo-vositachilik faoliyati bo‘yicha - uch oy mobaynida) pul operatsiyalarini amalga oshirgan holda moliya-xo‘jalik faoliyatini yuritmayotgan korxonalarni aniqlaydi;
    • tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga turishdan bo‘yin tovlash mexanizmlarini o‘rganadi, aniqlaydi va bartaraf etadi;
    • axborot xavfsizligi ta'minlanishini hisobga olgan holda, barcha soliq to‘lovchilar va soliq tushumlari bo‘yicha soliq organlarining yagona integratsiyalashtirilgan axborot resurs bazasini yaratadi;
    • soliq axborotlarini qabul qilib olish, qayta ishlash, uzatish va saqlash jarayonlarini avtomatlashtirish choralarini ko‘radi;
    • davlat soliq xizmati organlarida, axborot xavfsizligini ta'minlashni hisobga olgan holda, yagona axborot, dasturiy-texnik va telekommunikatsiya tizimi joriy etilishini tashkil qiladi;
    • soliq ma'murchiligi jarayonida davlat soliq xizmati organlari ishiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etadi hamda xarajatlarni maqbullashtirish va resurs ta'minotini rivojlantirish uchun ularni texnologik jarayonlarni yuritishning zamonaviy tizimlari va boshqarishning tezkor vositalari bilan jihozlaydi;
    • g) soliq solinadigan bazani kengaytirish bo‘yicha tahlil qilish va ta'sirchan choralar ishlab chiqish, shu jumladan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning dinamikasi va hududlarning soliq salohiyatini tizimli tahlil qilish orqali ta'sirchan choralar ishlab chiqish, soliqlar yig‘ilishini oshirish bo‘yicha choralarni amalga oshirish, soliq nazoratini amalga oshirishning zamonaviy uslublarini joriy etish sohasida:
    • soliq to‘lovchilarni "xavf-xatar" guruhi bo‘yicha segmentlashni amalga oshiradi;
    • soliqlar va boshqa boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash faktlarini aniqlaydi va tegishli choralar ko‘radi;
    • soliq nazoratini amalga oshirishda zamonaviy usullarni qo‘llaydi;
    • Qo‘mitaning texnik bazasini modernizatsiya qilish, mustahkamlash va yangilash bilan tashqi va ichki manbalardan kelib tushadigan ma'lumotlarni tahlil qilishning ilg‘or avtomatlashtirilgan usullarini joriy etadi;
    • makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasi va hududlarning soliq salohiyatini tizimli tahlil qilish orqali soliq solinadigan bazani kengaytirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
    • O'zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq Davlat byudjetiga va davlat maqsadli jamg‘armalariga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha soliq qarzini undirishni belgilaydigan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning tashkillashtirilishini va qo‘llanishini ta'minlaydi;
    • xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy soni muvofiqligi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi;
    • xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar faoliyatida belgilangan tartibda xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazadi;
    • soliq solinadigan bazaga tuzatishlar kiritish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘zdan kechirish hamda so‘rov o‘tkazishni amalga oshiradi;
    • ishlab chiqarish va daromadlar miqdorlarini yashirish, sotilgan mahsulotlar, ishlar va xizmatlar hajmlarini kamaytirib ko‘rsatish mexanizmlarini o‘rganish va aniqlashni tashkillashtiradi va amalga oshiradi, ko‘rsatib o‘tilgan mexanizmlarning qo‘llanishini bartaraf etish tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
    • soliq ma'muriyatchiligi islohoti va rivojlanish strategiyasini ishlab chiqadi va uning ijrosi monitoringini amalga oshiradi.
    • d) pul mablag‘larining g‘ayriqonuniy aylanishi manbalariga barham berish, aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan naqd pul tushumining to‘liq va o‘z vaqtida topshirilishi yuzasidan muntazam nazoratni ta'minlash sohasida:
    • savdo va xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etishning qonun hujjatlariga muvofiqligi, shu jumladan nazorat-kassa mashinalarini, plastik kartochkalardan to‘lovlarni qabul qilib olish bo‘yicha hisob-kitob terminallarini qo‘llash, alkogolli va tamaki mahsulotlarini sotish hamda markirovka qilish qoidalariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
    • naqd pul mablag‘lari muomalada bo‘lishining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda naqd pul aylanmasiga ega bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan huquqbuzarliklarni aniqlash, oldini olish va bartaraf etish tadbirlarini tashkil qiladi va amalga oshiradi;
    • tadbirkorlik sub'ektlarida, shuningdek, bozorlar va savdo komplekslarida, bir martalik yig‘imlar, bozorlar, savdo komplekslari va ularning filiallarida ko‘rsatilgan xizmatlar uchun ijara to‘lovlarining o‘z vaqtida va to‘liq undirilishi, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari bajarilishi, naqd pul mablag‘lari yoki plastik kartochkalar bo‘yicha to‘lov shakliga qarab narxlarning sun'iy ravishda oshirilishi yoki pasaytirilishi, nazorat-kassa mashinalarining, to‘lov terminallarining qo‘llanilishi, shuningdek, belgilangan tartibda talon va cheklarning berilishi, naqd pul tushumining o‘z vaqtida va to‘liq hajmda inkassatsiya qilinishi masalalari bo‘yicha belgilangan tartibda qisqa muddatli tekshirishlarni amalga oshiradi;
    • e) bozorlar va savdo komplekslarining moliya-xo‘jalik faoliyati, ular tomonidan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish hamda ularning hududida aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazib, jinoyat ishlarini tergovga tegishliligiga ko‘ra huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirish sohasida:
    • bozorlar, savdo komplekslari hududlarida va ularga tutash bo‘lgan avtomobillarni vaqtinchalik saqlash joylarida moliyaviy-iqtisodiy hamda soliq sohasidagi jinoyatlar va boshqa huquqbuzarliklarni aniqlaydi, oldini oladi va bartaraf etadi;
    • bozorlar va savdo komplekslari hududlarida sifatsiz, qalbakilashtirilgan (yasama) yoki noqonuniy olib kirilgan tovarlarni tayyorlash va sotishga qarshi kurashadi;
    • bozorlar, savdo komplekslari, ularga tutash bo‘lgan avtomobilь vositalarining to‘xtash joylari, shuningdek, ular hududida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatidan olingan pul oqimlari harakati monitoringini va mablag‘lar tushumi hisobining to‘liqligini ta'minlaydi
    • bozorlar, savdo komplekslari, ularga tutash bo‘lgan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari, shuningdek, ularning hududida faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub'ektlari pul mablag‘lari tushumlari va tovar aylanmasi to‘g‘risida davlat soliq xizmati organlariga tushadigan ma'lumotlarning ishonchliligini tekshirish uchun banklar hamda statistika organlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;
    • bozorlar, savdo komplekslari hududlarida, ularga tutash bo‘lgan avtomobilь vositalarining to‘xtash joylarida moliyaviy-iqtisodiy va soliq sohalarida huquqni buzish sodir etilishi holatlari bo‘yicha tergovga qadar tekshiruvlarni tashkil etadi va olib boradi, jinoiy ishlar qo‘zg‘aydi, jinoyat ishlarini tergovga tegishliligiga ko‘ra huquqni muhofaza qiluvchi organlarga beradi;
    • soliqqa oid huquqbuzarliklar natijasida davlatga, yuridik va jismoniy shaxslarga etkazilgan zararning belgilangan tartibda undirilishini ta'minlash choralarini ko‘radi;
    • j) soliq to‘lovchilar o‘z soliq majburiyatlarini ixtiyoriy bajarishi uchun maqbul shart-sharoitlar yaratish, har bir xodim tomonidan "Soliq xizmati - insofli soliq to‘lovchilarning ishonchli hamkori" degan maqsadli vazifani so‘zsiz bajarish sohasida:
    • soliq to‘lovchilarga soliq majburiyatlarini bajarishda har tomonlama ko‘maklashadi;
    • soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishini ta'minlash uchun soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha choralarni amalga oshiradi;
    • qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ayrim turdagi soliqlarni hisoblash tarzida soliq to‘lovchilarga servis xizmatlari ko‘rsatadi;
    • yuridik va jismoniy shaxslarning soliq sohasidagi huquqlari va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlari himoyalanishini ta'minlaydi;
    • davlat soliq xizmati organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta'minlaydi;
    • soliq to‘lovchi to‘g‘risidagi ma'lumotlarning qonun hujjatlariga muvofiq sir tutilishiga rioya etish ishlarini tashkil qiladi;
    • z) soliq to‘lovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish, soliqqa oid huquqbuzarliklarning profilaktikasi, ularni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha kompleks tadbirlarni bajarish sohasida:
    • soliq solish masalalariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlarni soliq to‘lovchilarga va aholiga o‘z vaqtida tanishtirish va etkazish ishlarini tashkil etadi;
    • soliq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati to‘g‘risida joylarda va ommaviy axborot vositalari orqali keng tushuntirish ishlarini olib boradi;
    • soliqqa doir qonun hujjatlarini nashr etish, ko‘paytirish va davlat soliq xizmatining hududiy organlariga etkazish, maslahat xizmatlari ko‘rsatish, soliq to‘lovchilarni soliqlarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida hisoblab chiqarishga, soliq hisobotlarini va soliqlar hamda boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqish, to‘lash bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa hujjatlarni taqdim etishga o‘qitish uchun servis-markazlar tashkil qiladi;
    • soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar to‘plamlarini nashr etadi, davlat soliq xizmati organlarini qonun hujjatlari bilan ta'minlash choralarini ko‘radi;
    • jismoniy va yuridik shaxslarning soliq solish va soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi masalalari bo‘yicha murojaatlarini belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi;
    • soliqqa oid huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
    • soliqqa oid huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiradi, shu jumladan ularning sodir etilishi sabablarini aniqlaydi va bartaraf etadi;
    • huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda muassasalar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;
    • aktsizosti tovarlarini ishlab chiqarishda va aylanmasida huquqbuzarliklarni aniqlash, oldini olish va bartaraf etilishini belgilangan tartibda tashkillashtiradi va amalga oshiradi;
    • soliqqa oid huquqbuzarliklarni sodir qilgan shaxslarni qidirib topish uchun materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga beradi, davlatga etkazilgan zararni belgilangan tartibda undirishni ta'minlash choralarini ko‘radi;
    • ma'muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni yuritadi;
    • soliqqa oid huquqbuzarliklar sodir etgan jismoniy va yuridik shaxslarning hisobini yuritadi, mazkur ma'lumotlarning tahlilini amalga oshiradi;
    • soliqqa oid jinoyatlarning sodir etilishi holatlarini aniqlash uchun, surishtiruv, tergov va suddan yashirinib yurgan shaxslarni qidirib topish uchun ommaviy-axborot vositalari imkoniyatlaridan foydalanadi;
    • i) soliq to‘lovchilarga muloqotsiz elektron xizmat ko‘rsatishga to‘liq o‘tish yo‘li orqali soliq to‘lovchilar bilan ishlashni takomillashtirish sohasida:
    • soliq to‘lovchilar bilan ishlashda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanilishini ta'minlaydi;
    • soliq to‘lovchilarga real vaqt rejimida keng ko‘lamli interaktiv xizmatlar ko‘rsatilishini tashkil etadi;
    • soliq to‘lovchilarga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali, shu jumladan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron xizmat ko‘rsatilishini ta'minlaydi;
    • soliq to‘lovchilarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ayrim soliqlar bo‘yicha hisoblab chiqarilgan soliqlar summasi haqida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali xabardor qiladi;
    • k) qonun hujjatlarini takomillashtirish va soliq to‘lovchilarning faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar kiritish sohasida:
    • soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini, shu jumladan tabiiy resurslardan ehtiyotlab va samarali foydalanishni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan soliqqa oid qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni birxillashtirish, soliq yukini qisqartirish, yuridik va jismoniy shaxslar faoliyatini rag‘batlantirish, ularga zarur imtiyozlar va preferentsiyalar berish bo‘yicha takliflar tayyorlashda qatnashadi;
    • qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va ularni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun kiritadi;
    • O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq solish masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
    • soliq hisobotlari hamda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqarish, to‘lash bilan bog‘liq boshqa hujjatlar shakllarini O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
    • O'zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar bilan ma'lumotlarni almashish va soliq sohasida hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha xalqaro shartnomalari loyihalarini ishlab chiqishda qatnashadi hamda ularning belgilangan tartibda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta'minlaydi;
    • l) kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, davlat soliq xizmati organlarini yuksak ma'naviy-axloqiy sifatlarga ega bo‘lgan malakali xodimlar bilan to‘ldirish, shuningdek, kadrlarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish sohasida:
    • qo‘yilgan talablarga muvofiq davlat soliq xizmati organlariga ma'naviy-axloqiy jihatdan yuqori malakali xodimlarni tanlash va to‘ldirish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
    • belgilangan tartibda ta'lim muassasalari tashkil etish yo‘li bilan, davlat oliy ta'lim muassasalari imkoniyatlaridan foydalangan holda davlat soliq xizmati organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarining tizimli ravishda tashkil etilishini ta'minlaydi, shuningdek, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning soliq organlari va o‘quv muassasalari bilan tajriba almashishning kengaytirilishini amalga oshiradi;
    • davlat soliq xizmati organlari xodimlari lavozimlarining malaka tavsifnomalarini ishlab chiqadi, rahbarlar va mutaxassislarni attestatsiyadan o‘tkazadi, ularga o‘z vakolatlari doirasida maxsus unvonlar beradi;
    • tegishli tanlovdan o‘tmagan yoki lavozim vazifalarini jiddiy buzganligi uchun ilgari davlat soliq xizmati organlaridan bo‘shatilgan shaxslarning ishga qabul qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan nazoratni ta'minlaydi;
    • davlat soliq xizmati organlari kadrlarini tayyorlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan tizimni joriy etadi, soliq to‘lovchilar bilan nizoli vaziyatlar yuzaga kelganda ularga stressga bardoshlilikni singdirish, shuningdek, xodimlarning axloqiy - psixologik holatini oshirish bo‘yicha psixologik treninglarni joriy qiladi;
    • m) davlat soliq xizmati organlari xodimlariga korporativ etikani singdirish, korruptsiya faktlariga keskin barham berish bo‘yicha ta'sirchan choralarni, shu jumladan xodimlar manfaatlarining to‘qnashuvini hal qilish yo‘li bilan amalga oshirish, ishga rasmiyatchilik bilan yondashishga barham berish, shuningdek, xodimlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini ta'minlash, o‘z xizmat faoliyati samaradorligini oshirish motivatsiyasi tizimini joriy etish va ular uchun xizmatni o‘tashning munosib shart-sharoitlarini yaratish sohasida:
    • kadrlarni O'zbekiston Respublikasiga sodiqlik, vatanparvarlik, halollik hamda huquqiy davlat g‘oyalari va asoslarini hurmat qilish ruhida tarbiyalash yuzasidan uzluksiz ishlarni amalga oshiradi;
    • davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan soliq to‘lovchilarga nisbatan g‘arazli maqsadlarda noqonuniy ta'sir ko‘rsatish holatlarini aniqlaydi va ularga barham beradi;
    • davlat soliq xizmati organlarida korruptsiya holatlarini aniqlashga, ularning oldini olishga, qarshi kurashishga va bartaraf etishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi, tashkil etadi va ularni amalga oshirishda qatnashadi;
    • davlat soliq xizmati organlarining xodimlari o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
    • xizmat vazifalarini bajarayotganda davlat soliq xizmati organlari xodimlarini noqonuniy tajovuzlardan himoya qilishni ta'minlash yuzasidan chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
    • har ikki yilda ko‘pi bilan bir marta davlat soliq xizmatining hududiy organlari hamda Hududlararo inspektsiyaning byudjet va xo‘jalik faoliyati bo‘yicha xarajatlar smetalari ijrosi yuzasidan taftishni amalga oshiradi. Juda zarur bo‘lganda va moliya-xo‘jalik faoliyatida qonun buzilishlariga yo‘l qo‘yilgan holatlar to‘g‘risida ishonchli axborot mavjud bo‘lgan taqdirda navbatdan tashqari taftishlar o‘tkazilishi mumkin;
    • davlat soliq xizmatining hududiy organlari hamda Hududlararo inspektsiya tomonidan moddiy va pul resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari bajarilishini ta'minlaydi, xo‘jasizlik, isrofgarchilik, davlat mablag‘larini va byudjetdan tashqari mablag‘larni asossiz ravishda sarflash, smeta-shtat intizomini buzish hollariga barham beradi;
    • mamlakat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish borasida vijdonan xizmat qilayotgan xodimlarni ularning shaxsiy hissasidan kelib chiqqan holda rag‘batlantirish mexanizmlarini yaratadi.
    • n) hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha davlat soliq xizmati organlariga biriktirilgan sektorlarda soliq solish sohasidagi tizimli muammolarni o‘rganish va aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish sohasida:
    • soliq solish sohasida ishlarni haqqoniy holatini chuqur va har tomonlama o‘rganishni amalga oshiradi;
    • birinchi navbatda, uyma-uy yurish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, aholining turli qatlamlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish orqali to‘plangan muammolar va tizimli kamchiliklarni aniqlash bo‘yicha ishlarini amalga oshiradi;
    • soliq solish sohasidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
    • soliq to‘lovchilar o‘rtasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun va mohiyatini tushuntirish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi.

    3. Qo‘mita markaziy apparati, davlat soliq xizmatining hududiy organlarining funktsiyalari Qo‘mita raisi tomonidan tasdiqlanadigan nizomlar bilan belgilanadi.