- Biz xodimlarimiz uchun sovg‘alar sotib oldik. Sotuvchi QQS to‘lovchi emasligi sababli EHFda QQSni ko‘rsatmagan va biz QQSni hisobga olmaganmiz. Bu holatda, xodimlarga sovg‘a berish realizatsiya bo‘yicha aylanma hisoblanadimi, biz buning uchun QQS va JShODS to‘lashimiz kerakmi?
- QQS bo‘yicha:
Soliq to‘lovchi tomonidan o‘ziga tegishli mol-mulkni, agar bunday mol-mulk bo‘yicha soliq summasi to‘liq yoki qisman hisobga o‘tkazilgan bo‘lsa, boshqaruv organi a’zolariga, xodimlarga, ularning oila a’zolariga soliq to‘lovchining tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy maqsadlarda foydalanish uchun berish QQS bo‘yicha tovarlarni realizatsiya qilish aylanmasi hisoblanadi.
Soliq kodeksi 239-modda 3-qism 6-band
Yuqoridagi holatda QQS summasi to‘liq yoki qisman hisobga olinmaganligi inobatga olinib, ushbu aylanma QQS bo‘yicha tovar realizatsiya qilish aylanmasi hisoblanmaydi.
- JShODS bo‘yicha:
Soliq davri mobaynida ish beruvchi tomonidan natura shaklida xodimlarga berilgan MHTEKMning 2,11 baravarigacha bo‘lgan qiymatdagi sovg‘alarga JShODS solinmaydi.
Soliq kodeksi 378-modda 10-band
Agar sovg‘alarning qiymati MHTEKMning 2,11 baravaridan ziyod bo‘lsa, ortiqcha summa moddiy naf tarzidagi daromad hisoblanadi va 12% stavkada JShODS solinadi.