Davlat soliq qo‘mitasida qo‘mita raisning birinchi o‘rinbosari M.Mirzayev boshchiligida audit va konsalting bo‘yicha xorijiy ekspertlar ishtirokida yirik soliq to‘lovchilar ma’muriyatchiligi masalalari hamda gorizontal soliq monitoringi tizimini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, ayni paytda dunyoning 53 ta davlati soliq nazoratining anʼanaviy rejimidan ishonchlilik, oshkoralik va oʻzaro manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan prinsiplarga oʻtgan yoki oʻtmoqda. Xorijiy amaliyotda Cooperative compliance deb nomlanadigan bunday “kengaytirilgan o‘zaro hamkorlik” usuli soliq organlari va soliq to‘lovchilarning qonun talablariga rioya etishini ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarini muvofiqlashtiradi.
Gorizontal soliq monitoringida axborot almashinuvi, soliq to'lovchi bilan "bir darcha" rejimida o'zaro hamkorlik, soliq tekshiruvlarisiz va soliq organining “asoslantirilgan fikri”ni olish, ya'ni soliqlarni to'g'ri hisoblash va o'z vaqtida to'lash bo'yicha pozitsiya nazarda tutiladi.
Gorizontal monitoringda ishtirok etish soliq to‘lovchilarga soliq davrini “tezda yopish”, taqdim etiladigan ma’lumotlar va hujjatlar hajmini kamaytirish, shuningdek, soliq organlari mutaxassislari bilan yuzaga kelgan nizolarni tezkorlik bilan hal etish imkonini beradi.
Muloqotda transfert narxni belgilash sohasi ma’murchiligi va avtomatlashtirish hamda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish vositalari haqida ham so‘z yuritildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha bir qator mavzularda muhokamalar tashkil etish rejalari belgilab olindi.