Bugun, Davlat soliq qo‘mitasida Qo‘mita Raisi Sherzod Kudbiyev, DSQ huzuridagi Jamoatchilik maslahat kengashi aʼzolari, soliq maslahatchilari va OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda soliq maʼmurchiligi samarasini oshirish orqali tadbirkorlarga yaratilayotgan teng raqobat sharoitlari, xususan, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-sentabrda qabul qilingan 595-son qarorida nazarda tutilgan yangiliklar, uning ijrosi doirasida yaratilgan dasturiy mahsullar taqdimotlari orqali batafsil ma’lumot va tushuntirishlar berildi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari nafaqat o‘zlarini qiziqtirgan savollarga, balki faoliyati doirasida soliq to‘lovchilar tomonidan yo‘llangan murojaatlarga ham mutaxassislardan javob oldi.
Tadbirning ikkinchi qismida Davlat soliq qo‘mitasi raisi mehmonlarni Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari departamenti ish jarayonlari bilan tanishtirdi. Ular ma’lumotlarni qayta ishlash markazining yangilangan zamonaviy uskunalari imkoniyatlariga bevosita guvoh bo‘ldi.