Bugun, 15-iyun kuni Toshkent shahridagi IT-Parkda Davlat soliq qo‘mitasi Raisi Sherzod Kudbiyev, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, soha mutaxassislari hamda O‘zbekiston Elektron tijorat assotsiatsiyasi tarkibidagi tashkilotlar vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Konstruktiv muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda elektron tijorat bozori vakillari maʼlumotlarini DSQ maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilish, tovar realizatsiyasi, ko‘rsatilgan xizmat yoki bajarilgan ish uchun masofadan amalga oshirilgan to‘lovlarga fiskal belgili chek shakllantirishning texnik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Xususan, bugungi kunda DSQ tomonidan tatbiq etilayotgan yangi IT instrumentlar va ularni tadbirkorlik faoliyatiga tatbiq etish uchun barcha imkoniyatlar yaratilganligi qayd etildi.
Davlat soliq qo‘mitasi Raisi maʼlumotlarini soliq xizmati organlari bazasiga integratsiya qilishda barcha subyektlar qo‘llab-quvvatlanishini, qonunchilik talablariga bo‘ysunmay integratsiya qilishdan bosh tortgan korxonalarga qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilishini taʼkidladi.
Elektron savdoni amalga oshirishda komitent va vositachilarning ishtiroki, bunda QR-kodli elektron chek shakllantirish jarayonlari batafsil tushuntirib berildi.
Uchrashuvda ishtirok etgan tadbirkorlik subyektlari vakillari tomonidan davlat soliq xizmati organlari bazasiga ulanish va elektron chek shakllantirish bilan bog‘liq muammolar mavjud emasligi aytib o‘tildi.
Shuningdek, iyul oyidan onlayn-NKM yoki virtual kassalardan foydalanayotgan korxonalar uchun jismoniy shaxslarga bir tomonlama EHF shakllantirish bekor qilinishi sabablari haqida DSQ mutaxassislari tomonidan atroflicha tushunchalar berildi.
Bundan tashqari, internet do‘kon, tashish xizmati va boshqa operatsiyalar uchun elektron to‘lovlarni amalga oshirish jarayonlarida fiskal chek shakllantirish imkoniyatlari yuzasidan ham o‘zaro fikr almashildi.