“ICTWEEK UZBEKISTAN 2024” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida “Raqamli hukumat: istiqbolli rejalar va toʻsiqlar” forumi boʻlib oʻtdi.
Oʼzbekistonda raqamli hukumatni rivojlantirishdagi dolzarb muammolarni aniqlash, mavjud imkoniyatlar va istiqbolli rejalarni belgilab olish, fuqarolarning davlat xizmatlaridan yanada tezkor, qulay va xavfsiz foydalanishini taʼminlashga erishish masalalari forumda muhokama qilingan asosiy mavzular boʻldi.
Mazkur tadbirda Soliq qoʻmitasi Raisi oʻrinbosari Jahongir Abdiyev ishtirok etib, soliq organlari tomonidan koʻrsatilayotgan elektron xizmatlar, aholi va soliq organlari oʻrtasidagi munosabatlarni bajarishda mobil ilovalar va sunʼiy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish borasida yaratilayotgan qulayliklar haqida batafsil toʻxtalib oʻtdi.
Shuningdek, sohani raqamlashtirish borasida amaliyotga joriy qilinayotgan dasturiy mahsullar faoliyati bilan bogʻliq savollarga javoblar berdi.
Tadbirda davlat tashkilotlarining rahbar xodimlari va raqamlashtirishga masʼul vakillari hamda fuqarolik jamiyati faollari ishtirok etib, raqamli hukumat sohasidagi eng dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.