“Raqamlashtirish sohasida eksport faoliyati bilan shugʻullanuvchi korxonalarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi.
👉PF-157-son,14.10.2024-yil
Hujjatga koʻra:
🔹2025-yil 1-fevraldan 2030-yil 1-yanvarga qadar eksport xizmatlari hajmi 10 million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan IT-park rezidentlariga axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlarini (shu jumladan, royalti toʻlanadigan) koʻrsatgan, Oʻzbekiston Respublikasi bilan ikki yoqlama soliqqa tortishning oldini olish toʻgʻrisida bitim tuzilmagan davlatlarning yuridik shaxslarini ushbu kalendar yili yakuniga qadar foyda soligʻidan ozod etish;
🔹2025-yil 1-fevraldan 2040-yil 1-yanvarga qadar jami daromadi tarkibida eksport hajmi 50 foizdan ortiq boʻlgan IT-park rezidentlarining taʼsischilari (ishtirokchilari) – Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning dividendlar tarzidagi daromadlariga Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari singari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi hamda foyda soligʻining 5 foiz stavkasini tatbiq etish;
🔹 IT-park rezidentlari uchun soliq imtiyozlari muddati 2040-yil 1-yanvargacha uzaytirildi. Ilgari imtiyozlar 2028-yilning 1-yanvariga qadar berilgan edi. Ushbu imtiyozlar quyidagi mezonlardan biriga toʻgʻri kelganda taqdim etiladi:
▪️kalendar yili davomida jami daromadi tarkibida IT-park rezidentlari tomonidan amalga oshirishga ruxsat etilgan faoliyat turlari boʻyicha eksport hajmi 50 foizidan ortigʻini tashkil etgan yuridik shaxslar;
▪️ kalendar yili davomida 18 yoshdan oshgan bitiruvchilarning 50 foizdan ortiq qismi IT-park rezidenti boʻlgan eksportchi korxonalarga ishga joylashgan IT-taʻlim xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar.
❗️Ushbu oʻzgartirishlar Soliq kodeksiga kiritilishi lozim.
IT-park rezidentlari uchun imtiyozlar toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash hamda ularning samaradorligi monitoringini taʻminlash maqsadida
Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan mavjud platformalarda IT-park rezidentlarida tahsil olgan bitiruvchilar reyestri yuritilishi tashkil etiladi. Ushbu platforma soliq organlarining axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.
Tadbirkorlik subʻektlarining shaxsiy kabinetida soliq hisobotini tuzishda ushbu maʻlumotlarni onlayn koʻrib borish imkoniyati yaratiladi.