2022-yil 23-avgust kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasi mutaxassislari ishtirokida davlat soliq organlari xodimlari va Fiskal institut o‘qituvchilari uchun seminar tashkil etildi. Unda soliq qonunchiligi bo‘yicha professor Rita de la Feria taqdimot qildi.
Birinchi taqdimotda soliq axloqi va firibgarlikka qarshi siyosat masalalari ko‘rib chiqildi, shuningdek, soliq madaniyatini shakllantirishga ta’sir etuvchi ichki va tashqi omillar, jumladan, elektron davlat soliq xizmatlarini ko‘rsatish sifati hamda soliq organlari faoliyatida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz kurashish masalalari muhokama qilindi.
QQS bilan bog‘liq firibgarlik sxemalari, qonunbuzarlarning qanday toifalari soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashi, qaysilari uyushgan firibgarlik faoliyatini amalga oshirishi ko‘rib chiqildi. Soliq qonunchiligiga rioya qilishning global tendentsiyalari, shu jumladan, ma'muriy hamkorlik, xulq-atvor fanini o'rganish, yangi texnologiyalardan foydalanish haqida so‘z bordi. Mutaxassislar O‘zbekiston soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish sohasida ulkan yutuqlarga erishganini alohida ta’kidladi.
Professor Rita de la Ferianing ikkinchi taqdimoti QQS tarixi va geografiyasi, soliq solinadigan bazani kengaytirish va soliqning o‘ziga xos xususiyatlari – neytralligi va samaradorligi haqida bo‘ldi. Mutaxassisning ta'kidlashicha, QQS past ma'muriy xarajatlarga ega bo'lgan soliq tushumlarining muhim manbai bo'lib, butun dunyo bo'ylab to'lanadigan umumiy soliqlarning 30 foizini tashkil qiladi. QQSning regressiv ta'sirini kamaytirishning an'anaviy va zamonaviy yondashuvlari hamda birinchi navbatda zarur bo‘ladigan tovarlarga nisbatan QQSning imtiyozli stavkalaridan foydalanish bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar berdi.
Seminar yakunida jamiyatda soliq ma’muriyatini mustahkamlash, soliq ma’muriyatchiligi instrumentlarini takomillashtirish sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan qizg‘in suhbat bo‘lib o‘tdi.