Soliq qoʻmitasida mazkur sana munosabati bilan maʻnaviy-maʻrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Unda “Maʻrifat” targʻibotchilar jamiyati aʻzosi, falsafa fanlari doktori, professor, Xalqaro toifadagi Notiqlik boʻyicha murabbiy Jamila Shermuhammedova barchani Vatanimiz bayrogʻi qabul qilinganining 32 yilligi bilan tabriklab, “Muqaddasdir Vatan bayrogʻi!” mavzusida maʻruza qildi.
Jamila Shermuhammedova ta'kidlaganidek, Oʻzbekiston davlat bayrogʻi xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini oʻzida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga gʻurur, faxr va iftixor bagʻishlaydi.
Oʻzida juda katta maʼno-mazmunni mujassam etgan, yuksak did va mahorat bilan puxta ishlangan, oʻzida butun Oʻzbekiston ahlining asriy orzu-istaklarini, gʻayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondoʻstlikni, ajdodlar yodi hamda millat gʻururini mujassam etgan bayrogʻimiz sayyoramizdagi barcha mamlakatlarning davlat ramzlari orasida alohida hurmat va ehtiromga sazovor.
Bugun milliy bayrogʻimiz davlat idora va muassasalari, oʻquv yurtlari, Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi.
Turli bayram tantanalarida, mamlakatimiz aʼzolari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida ham bayrogʻimiz Vatanimizning shaʼni, xalqimizning gʻururini yorqin aks ettirmoqda.