SOLIQ (Android uchun) mobil ilovasining yangilangan versiyasiga yana bir xizmat qo‘shildi. Endilikda xorij fuqarolari, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Ro‘yxatdan o‘tishda tizim ERI (elektron raqamli imzo) talab etadi. ERIni https://e-imzo.uz sayti orqali qisqa fursatlarda masofadan olish mumkin.
Nima beradi?
Mamlakat fuqarosi hisoblanmasangiz ham o‘zingiz uchun qonuniy ishlash imkoniyatini beradi.
Bunda, ishchilarni yollash yoki ish beruvchiga ega bo‘lish mumkin emas.
Buyurtmalarni qabul qilish va ko‘rsatilgan xizmatlar (tovarlar) uchun to‘lovlarni amalga oshirish, yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatishda (tovarlarni sotishda) elektron hisob-kitob fakturalarni taqdim qilish va kredit olish maqsadida ixtiyoriy asosda daromadlar va xarajatlar hisobini yuritish imkoniyatlari beriladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganlik matrisali shtrix kod (QR-kod) bilan tasdiqlanadi.
Prezidentimizning 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini berish tartibi bekor qilindi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qiluvchi shaxslar uchun 67 ta faoliyat turi nazarda tutilgan. Ular tomonidan 2020-yil uchun ijtimoiy soliqni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida haqiqatda ishlagan vaqtidan qat’i nazar bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi hajmida to‘lashi pensiya hisoblash va ish stajiga ega bo‘lish huquqiga ega bo‘ladi. SOLIQ mobil ilovasida xabar berish tartibida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati mavjud.
DSQ Matbuot xizamati