Joriy yilning 12-13-oktabr kunlari Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlarida Soliq qo‘mitasi Raisi maslahatchisi va Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi mas’ullari soliq xizmati xodimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish, ish jarayonida qat’iy mehnat intizomiga rioya qilish masalalari va odob-axloq qoidalari haqida so‘z bordi. Soliq organlarini korrupsiyasiz tizimga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumotlar berildi.
Xususan, xodimlarga vazifalarini sidqidildan bajarishi, mansab va vakolatini suiisteʻmol qilmaslik, soliq tizimida yaratilgan imkoniyatlar ahamiyati tushuntirildi.
Bundan tashqari davlat xizmatchilari o‘rtasidagi o‘zaro axloqiy munosabatlar, ishchanlik obro‘si va soliq xizmati organlari nufuziga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlar, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, xizmat faoliyati va xizmatdan tashqaridagi odob-axloq qoidalari haqida tushuntirishlar berildi.
Soliq to‘lovchilar bilan o‘rnatiladigan muloqot madaniyatining o‘ziga hos usullari haqidagi bilimlar, ayniqsa, yosh xodimlarning tajribalarini boyitdi.
Qat’iy mehnat intizomiga amal qilish faoliyat samaradorligini oshirishga oid ma’lumotlar ham soliq xodimlari diqqat markazida bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tomonidan soliq organlariga yuklatilgan vazifalarni sharaf bilan ado etish birgina soliq tushumlarini o‘z vaqtida bajarishgagina emas, balki jamoada ijro-intizomi o‘rnatilishiga ham bog‘liq. Shu boisdan ham mansab vazifasini suiiste’mol qilmaslik, halol mehnat har bir soliqchining oltin qoidasiga aylanishi kerak.
Tadbirlar davomida keltirilgan korrupsiya inson va uning oilasi taqdirini parokanda qilishiga oid hayotiy misollar muloqot ta’sirchanligini yanada oshirdi.
Mazkur targ‘ibot tadbirlarida hududiy soliq inspeksiyalari xodimlari ham ZOOM platformasi orqali ishtirok etdi.