Fiskal institutda DSQ rahabariyati va mas'ul xodimlari, Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari, Fiskal instituti professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari hamda qurilish sohasi vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbati davomida 2019-2022-yillarda qurilish sohasining asosiy ko‘rsatkichlari va ularning dinamikasi, ushbu davr uchun o‘tkazilgan tahlillar hamda nazorat tadbirlarida aniqlangan huquqbuzarliklar va ko‘p uchraydigan soliqdan qochish sxemalari muhokama qilindi.
Xususan, 2019-2022-yillarda tovar aylanma va bajarilgan ishlar hajmi o‘rtacha yildan yilga 15-20% ortib borayotgan bo‘lsada, soha bo‘yicha o‘rtacha xarajatlar rentabelligi 2021-yildagi 10%dan 2022-yilda 3,1 foizga tushganligi, qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan 20 303 ta korxonalarning 5 mingga yaqinida (24%) hujjatlariga muvofiq, rentabellik 0% dan past, 12 mingdan ortig‘ida (60%) 0% dan 1%gacha va 904 (4%) kompaniyada 1% dan 3%gacha rentabellik qayd etildi.
Bundan tashqari, 10 mingga yaqin (50%) qurilish korxonalarida 1 nafar ishchi rasmiylashtirilgan bo‘lib, haqiqatda ishlaydigan ishchilar soni yashirayotganligidan dalolat berishi ta’kidlandi.
Shuningdek, quyidagi:
turar joy obyektlarini o‘rtacha bozor narxidan keskin darajada past narxda realizatsiya qilish;
Misol uchun, qurilish korxonalarining biri tomonidan Uchtepa tumanida qurilgan yangi ko‘pqavatli turar joy majmuasidan 26 ta kvartira o‘rtacha 1,8 mln so‘mdan sotilgan.
hisobotlarda xarajatlarni sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatish orqali faoliyatini zarar bilan yakunlash natijasida foyda solig‘ini to‘lamaslik;
Misol uchun, soliq to‘lovchi tomonidan 2022-yil 1-chorakda 16 mlrd so‘m realizatsiya amalga oshirilgan bo‘lsada, faoliyat 8 mlrd so‘m zarar bilan yakunlangan.
jismoniy shaxlar tomonidan qurilish korxonalari ustav jamg‘armasiga yirik miqdorda pul mablag‘lari, bino va inshootlar, qurilish mollari (manbasi ko‘rsatilmagan holda) kiritish va realizatsiya qilinishi;
Misol uchun, 2 ta ta’sischi jismoniy shaxslar tomonidan ustav kapitali 2021-yil boshidan bugungi kunga qadar 121 mlrd so‘mga to‘ldirilgan. Ta’sischliarning soliq organlaridagi ma’lumotlariga asosan yillik rasmiy daromadi 3,4 mln so‘mni tashkil etganligi aniqlandi.
bajarilgan ishlar hajmini EHF rasmiylashtirmaslik orqali yashirish holatlari misollar shaklida taqdimot qilindi.
Misol uchun, soliq to‘lovchining hisob raqamiga bajarilgan ishlar uchun 78 mlrd so‘m mablag‘lar kelib tushgan bo‘lsada, soliq hisobotlarida 15 mlrd so‘m aylanma aks ettirilgan.
Mazkur muammolarni hal qilishda, soliq qonunchiligiga ixtiyoriy rioya etilishi, soliq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning afzalliklarini soliq to‘lovchilar bilan hamkorlikda muhokama qilish orqali ijobiy natijalarga erishish Davlat soliq qo‘mitasining asosiy maqsadlaridan biri hisoblanishi ta’kidlandi.
Davra suhbatining ikkinchi qismi DSQ mas'ul xodimlari va soha ishtirokchilari o‘rtasida savol-javob shaklida o‘tkazildi.
Soha vakillari tomonidan bildirilgan takliflarni kelgusi soliq islohotlarida inobatga olinishini va kelgusida konstruktiv muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Xavfni tahlil qilish va soliq to‘lovchilarni segmentlash departamenti