Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Davlat soliq xizmatiga ishga qabul qilishda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi haqida xabarlar e’lon qilindi.
Mazkur xabarlar yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
Bugungi kunda, davlat soliq xizmati organlarida ishga qabul qilish faqat Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi portali orqali ochiq, mustaqil tanlov asosida amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 17.04.2019 yildagi 320-son qaroriga asosan, mehnat haqidagi qonunlarga muvofiq ilgari ish beruvchining tashabbusi bilan davlat soliq xizmati organlaridan, shuningdek boshqa organ va tashkilotlardan obro‘sini to‘kadigan xatti-harakat sodir etganlik uchun bo‘shatilgan shaxslar davlat soliq xizmati organlariga xizmatga qabul qilinmaydi.
Bundan tashqari, tizimdan nohaq bo‘shatilib, ish joyiga qayta tiklash bo‘yicha sud qarorlari ijro etilmaslik holatlari tegishli tartibda o‘rganiladi va bunday holatlar aniqlangan taqdirda ma’sul xodimlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘riladi.