Soliq qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi 16-may kuni onlayn tarzda bo‘lib o‘tdi.
Avvalo, tadbirkorlar onlayn nazorat-NKTlarni erkin tanlashi va soliq organlari tomonidan muayyan bir rusumdagi texnikadan foydalanishga majburlashga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi dolzarb masala ko‘tarildi.
Mutaxassislar Vazirlar Mahkamasining “Soliq to‘lovchilarni hisobga olishni yanada takomillashtirish va qo‘shilgan qiymat solig‘ining o‘rnini qoplash tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (VMQ-595-son 22.09.2021) qarorida belgilangan normalar bo‘yicha ham fikr almashdi. Ayni paytda mazkur me’yoriy-huquqiy hujjatning tartibga solish ta’siri baholashdan o‘tkazilmoqda.
Jamoatchilik kengashi a’zolari mazkur hujjatni takomillashtirish, xususan, QQS guvohnomasini olish va uni bekor qilish tartibini qayta ko‘rib chiqish, soliq xavfi darajasini aniqlash va boshqa talablar bo‘yicha o‘z takliflarini berdi.