Keyingi yillarda mamlakatimizda murojaatlar bilan ishlash va aholi muammolarni hal etish sohasida yangi davr boshlandi. Bugungi kunda Soliq qo‘mitasi o‘z faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, xalqning turli sohalarga oid muammolarini o‘rganish va ularni ijobiy hal etish maqsadida aholining murojaatlari bilan doimiy tarzda ishlab kelmoqda.
Xususan, o‘tgan davr mobaynida Soliq qo‘mitasi tomonidan murojaatlar bilan ishlash borasida qator ishlar amalga oshirildi. 2023-yil yanvar-avgust oylari davomida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 37 136 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 7 747 tasi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 26 907 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan murojaatlarning 923 tasi qanoatlantirilib, 187 tasiga tushuntirish berilgan.
Jami kelib tushgan murojaatlarning 2 870 tasi soliqlardan ozod qilish va imtiyozlar qo‘llash, 543 tasi savdo-sotiq sohasidagi tartib buzilish holatlari to‘g‘risida bo‘lib, qolgan qismi boshqa masalalarni tashkil etadi.
Xalqimizning hayotiy talab va ehtiyojlarini taʼminlash, odamlarni rozi qilish maqsadida 2023-yil o‘tgan davrida respublikamiz hududlarida qo‘mita rahbariyati tomonidan tashkil etilgan sayyor qabullar jarayonida fuqaro va tadbirkorlardan tushgan murojaatlar huquqiy maʼlumot va tushuntirishlar berish orqali joyida hal etilib kelinmoqda.
Yuqoridagi raqamlar tahlilidan ham ko‘rinib turibdiki, murojaatlarning hech biri eʼtiborsiz qoldirilmasdan belgilangan tartibda ijobiy hal etib kelinmoqda.
Tashkiliy ishlar va nazorat boshqarmasi Murojaatlar bilan ishlash bo‘limi