Davlat soliq qo‘mitasi yutuqli chek o‘yinlarining 2021-yildagi VIII tiraji 26-avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida o‘tkazildi. Navbatdagi tirajda onlayn nazorat-kassa texnikalaridan berilgan 120 mingga yaqin chek ishtirok etdi.
Tadbir Nukus shahridagi qoraqalpoq xalq amaliy sanʼati asarlari va axreologik topilmalar jamlangan Saviskiy muzeyi oldida tashkil etildi.
O‘yin ochiq va shaffof tarzda 22:00dan boshlab “O‘zbekiston” telekanali va rasmiy saytida to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatildi.
Unda davlat va nodavlat tashkilot vakillari, jurnalistlar, estrada artistlari kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi.
Super yutuq – Spark avtomashinasini atiga 5 ming so‘mlik xarid cheki evaziga Farg‘ona viloyati Rishton tumanida istiqomat qiluvchi isteʼmolchi qo‘lga kiritdi.
Yutuqli chek o‘yinlarida mamlakatimizning barcha hududlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar ishtirok etmoqda. Bu galgi tirajda Toshkent, Samarqand, Shahrisabz shaharlari, Samarqand viloyati Payariq tumani, Jizzax viloyati Baxmal tumani, Sirdaryo viloyati Mirzaobod, Guliston tumani, Farg‘ona viloyati Buvayda tumani isteʼmolchilari g‘oliblar safidan joy oldi.
Har bir tiraj yakuni bilan sovrindorlarga bir kun muddatda tashkilotchilar tomonidan cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazgan telefon raqami orqali g‘olib bo‘lganligi haqida SMS xabarnoma yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, g‘oliblardan sovrin uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i olinmaydi.
G‘oliblar ro‘yxati
Hurmatli isteʼmolchilar siz ham yutuqli o‘yinda ishtirok eting va Spark avtomobili yoki boshqa qimmatbaho sovrinlar sohibi bo‘lish imkoniga ega bo‘ling. O‘yinda ishtirok etish juda ham oson va mutlaqo bepul. Siz shunchaki, onlayn-NKM va virtual kassadan berilgan cheklarning QR-kodini Soliq, PayMe, Click mobil ilovalarida skaner qiling yoki 12 sondan iborat fiskal belgisini 1077 raqamiga SMS tarzda yuboring.
Eslatma! Bir kunda bitta savdo nuqtasidan faqat ikkita chekni ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.