Surxondaryo viloyati hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi bilan Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan Narmanov Erkin Abdualimovichni viloyatdagi tashkilot va idoralar rahbarlariga tanishtiruv marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev, viloyat hokimi To‘ra Bobolov, Xalq deputatlari viloyat kengashi a’zolari, hokimlik apparati masʼul xodimlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, viloyatdagi shahar va tuman davlat soliq inspeksiyalari hamda boshqa korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Unda Sherzod Kudbiyev Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasining yangi boshlig‘i Narmanov Erkin Abdualimovichni mutasaddi idora vakillariga tanishtirdi.
Mamlakat ravnaqida iqtisodiy barqarorlikning ustuvor ahamiyatini va bunda davlat g‘aznasining asosiy tayanchi bo‘lgan soliq tushumlarini o‘z vaqtida taʼminlash eng muhim vazifa ekanligini alohida taʼkidladi. Shuningdek, Erkin Narmanovga bildirilgan ishonchni oqlab, nafaqat Surxondaryo, balki butun mamlakat iqtisodiy rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shishda omadlar tiladi.
Davlat soliq qo‘mitasi raisi shundan so‘ng Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasida bo‘lib, jamoaga yangi boshqarma boshlig‘i Erkin Narmanovni yaqindan tanishtirdi. Unda viloyat boshqarmasining ahil jamoasi bilan bahamjihatlikda yaxshi natijalarga erishish, shuningdek, korrupsiyaning oldini olish, davlat soliq xizmati organlarida faoliyat yurituvchi xodimlar o‘rtasida gender tenglikni taʼminlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
O‘z navbatida Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan Sirojiddin Eshmatov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Davlat soliq qo‘mitasi Raisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishida jamoaning munosib hissasi borligini taʼkidlab, yangi rahbar bilan yanada yuqori natijalarga erishishni tiladi.