“Tadbirkorlik subyektlari tomonidan hisobotlarni davlat organlariga taqdim etish jarayonlari soddalashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 241 prim 10 moddasiga o‘zgartirish kiritish haqida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.
O‘RQ-979-son 2024-yil 21-oktabr
Ushbu hujjatga muvofiq 2024-yil 22-oktabrdan:
Tadbirkorlik subyektlarining davlat organlariga taqdim etiluvchi hisobotlarini soddalashtirish hamda ularga nisbatan ortiqcha talablarni oldini olish orqali biznes faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish nazarda tutilgan. Bu o‘z navbatida iqtisodiyotning rivojlanishi hamda tadbirkorlik muhitini yaxshilashga yordam beradi.
Tadbirkorlik subyektlaridan davlat organlari mansabdor shaxslari yoki xizmatchilari Yagona ro‘yxatga kiritilmagan statistika, moliya, soliq hisobotini va boshqa hisobotni talab qilib olganda;
shuningdek, ushbu hisobotlarni taqdim etishning belgilangan muddatlari va tartibiga zid ravishda talab qilib olganda, ularga nisbatan BHMning 20 dan 40 baravarigacha, agar ushbu holat bir yil ichida takrorlansa BHMning 40 baravaridan 60 baravarigacha miqdorda maʼmuriy jarima qo‘llanilishi belgilab qo‘yildi.
Maʼlumot uchun: Bugungi kunda tasdiqlangan Yagona ro‘yxatga asosan soliq organlariga 25 turdagi hisobotlar taqdim etilishi belgilab qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PQ-8-son qarorida ro‘yxatga kiritilmagan hisobotlarni tadbirkorlik subyektlaridan talab qilish taqiqlanishi belgilangan.
Behzod Botiraliyev,
Soliq solish metodologiyasi departament direktori o‘rinbosari