Tadbir 160 ga yaqin davlatdan turizm yoʻnalishida faoliyat yurituvchi davlat idoralari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va turistik biznes vakillarini birlashtiradi.
Bugunga kelib, Saudiya Arabistoni, Albaniya, Ozarbayjon, Bagama, Baxreyn, Gvatemala, Gaiti, KotDivuar, Indoneziya, Monako, Niger, Panama, Portugaliya, Siyerra Lione, Ukraina, Urugvay, Yaman kabi mamlakatlarning turizm idoralari rahbarlari Samarqandga kelishi kutilmoqda.
Qayd etish joizki, Oʻzbekiston keyingi 2023-2027-yillar uchun UNWTO Ijroya kengashining Vakolatlar boʻyicha qoʻmitasi aʼzoligiga qabul qilindi. Bu UNWTO Ijroiya kengashi tomonidan qabul qilinadigan muhim qaror va hujjatlar, ularda aʼzo davlatlar ishtirokining haqqoniyligi va tamoyillarga mosligini nazorat qilish vakolati Oʻzbekistonga ishonib topshirilganligini bildiradi.
Mamlakatimizga xalqaro miqyosda bildirilgan bunday ishonch yurtimizning nafaqat jahon turizm bozoridagi pozitsiyasi mustahkamligini, balki xalqaro munosabatlardagi faoliyatining ham nechogʻli samarali ekanini namoyon qiladi.
Bosh Assambleyaning Oʻzbekistonda oʻtkazilishi mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirish, madaniy va turizm salohiyatini targʻib qilishda yangi imkoniyatlarni taqdim etadi.
Bosh Assambleyaning 25-sessiyasi doirasida turizm sohasidagi xalqaro hamkorlik masalalari yalpi sessiyalar va boshqa qator keng miqyosli anjumanlarda muhokama qilinadi.
Jumladan UNWTO doirasida tashkillashtirilishi rejalashtirilayotgan Investitsiya forumi Oʻzbekistonning barcha hududlaridagi investitsiyaviy salohiyati yuqori boʻlgan obyektlar, hududlar, loyihalar yirik xorijiy investorlarga taqdim etilishi, yurtimizga faol maqsadli va manzilli investitsiyalar jalb etilishi boʻyicha koʻplab muhim biznes kelishuvlariga erishilishi koʻzda tutilmoqda. Forum turizm sektoridagi imkoniyatlarni oʻrganish uchun global manfaatdor tomonlarni, sanoat rahbarlarini va investorlarni birlashtiradi hamda mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsion muhit hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etishning mustahkam huquqiy asoslarini namoyish etish, shuningdek ishtirokchilar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Investforumdagi asosiy sessiyalar davomida mamlakatimizning sarmoyaviy muhiti haqida jahon jamoatchiligida ijobiy fikrni shakllantirish, yirik xorijiy investorlarda Oʻzbekistonga sarmoya kiritishga qiziqishni oshirish maqsadi koʻzlangan. Tadbir yakuniga koʻra, mamlakatimizga kiritiladigan investitsiyalar koʻlamini oshirish orqali barqaror rivojlanishga koʻmaklashish, yurtimizning sarmoyaviy salohiyatini yanada oshirish va global miqyosda sektorlar boʻylab hamkorlikni kuchaytirishga erishish kutilmoqda.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonning boy madaniy merosi va tabiiy resurslarini saqlab qolgan holda, mamlkatimizning iqtisodiy oʻsishiga hissa qoʻshadigan investitsiyalarni jalb qilish koʻzlanmoqda.
Bosh Assambleya doirasida oʻtkazilishi kutilayotgan Taʼlim forumi turizm sohasidagi taʼlimning bugungi kundagi holatini namoyon etish, malaka oshirish va barcha uchun inklyuziv imkoniyatlar yaratishga sarmoya kiritish naqadar muhim ekanini namoyon qiladi.
Tadbirda UNWTO tomonidan oʻrta, oliy va boshqaruvchi taʼlim boʻyicha yetakchi akademik hamkorlar bilan ishlab chiqilgan qoʻshimcha tashabbuslar, innovatsion taʼlim vositalari toʻplami, Xalqaro barqaror turizm boʻyicha yangi fanlar boʻyicha oʻqitish har bir sohadagi soʻnggi yutuqlar namoyish etiladi. Forumning keng qamrovli dasturi manfaatdor tomonlar, siyosatchilar, professorlar va sanoat rahbarlarini jamoaviy harakatlarga ilhomlantirish va safarbar etishga intiladi.
Bundan tashqari, tadbir doirasida UNWTO tomonidan yilning eng yaxshi sayyohlik qishloqlari (Best Tourism Villages) eʼlon qilinadi. Buning uchun hududning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan barqarorligini taʼminlashga qaratilgan, aholining anʼanaviy hayot tarzi va qadriyatlarini saqlab qolgan holda, taraqqiyot va farovonlikni taʼminlaydigan ilgʻor turizm sohalariga ega butun dunyodagi turizm qishloqlari tanlab olinadi. Mazkur tanlovda mamlakatimizdan ham qator qishloqlar ishtirok etayotgani barchamiz uchun quvonarli.
Butunjahon Turizm Tashkiloti (YUNVTO) Bosh Assambleyasi 25-yubiley sessiyasining qadimiy Samarqand shahrida oʻtkazilishi mamlakatimizning madaniy, turizm, investitsiya va intellektual salohiyatini dunyoga tanitishi barobarida, jahon hamjamiyati bilan olib boriladigan savdo-iqtisodiy, turizm va madaniy sohalardagi xalqaro aloqalarining yanada mustahkalanishi yoʻlida xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi