Oʻtkazilayotgan soliq nazorati tadbirlari jarayonida Toshkent shaharda oʻzini oʻzi band qilgan jismoniy shaxs sifatida roʻyxatdan o‘tgan fuqaro A.N bir vaqtning oʻzida 106 ta faoliyat turi bilan shugʻullanganligi aniqlandi.
Ushbu fuqaro joriy yilning mart va aprel oylarida 4 ta yuridik shaxslarga 123,2 mlrd soʻmlik 357 turdagi tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilgan.
Yuridik shaxslar tomonidan mazkur xaridlar sunʼiy ravishda hisobga olinadigan QQS summasini yaratish va tovarlarning kirim hujjatlarini qonuniylashtirish maqsadida amalga oshirilgan.
Bu holatda soliq qonunchiligining qaysi talablari buzilgan?
Birinchidan, agar oʻzini oʻzi band qilgan shaxsning daromadi 100 million soʻmdan oshsa, u yakka tartibdagi tadbirkor kabi 4 foiz stavkada aylanmadan olinadigan soliq (AOS) toʻlaydi.
Shunday ekan mazkur oʻzini oʻzi band qilgan shaxsga nisbatan AOS qoʻshimcha hisoblanadi.
Ikkinchidan, agar oʻzini oʻzi band qilgan shaxsning daromadi 1 milliard soʻmdan oshsa, u majburiy tartibda QQS toʻlovchisi hisoblanadi. Demak, uning 1 milliard soʻmdan ortiq daromadidan QQS va foyda soligʻi qoʻshimcha hisoblanadi.
Uchinchidan, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyatidan tashqari olingan daromadlariga Soliq kodeksida belgilangan tartibda soliq solinadi.
Bu kabi holatlar aniqlanganda, tahliliy va tekshiruv materiallari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga huquqiy baho berish maqsadida taqdim etiladi.
Xulosa qilib aytganda, yoʻl qoʻyilgan huquqbuzarliklar jiddiy huquqiy va moliyaviy oqibatlarga olib kelmasligi uchun oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar oʻz faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq yuritishlari lozim.
Kameral soliq tekshiruvlari boshqarmasi