Mamlakatimiz Prezidentining “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq Davlat soliq qo‘mitasining onlayn nazorat-kassa mashinalari (onlayn NKM) va virtual kassa cheklari ishtirokidagi yutuqli o‘yinlarda O‘zbekistonning barcha hududlaridagi iste’molchilar ishtirok etishi mumkin.
Ishtirok etish shartlari:
Birinchi qadam – onlayn NKM yoki virtual kassa bilan jihozlangan shoxobchadan sotib olingan mahsulot (xizmat) uchun QR kodli chek olish;
Ikkinchi qadam – SOLIQ mobil ilovasida chekning QR kodini skaner qilish yoki 12 xonali fiskal belgisini 1077 qisqa raqamiga SMS tarzida yuborish.
Chek muvaffaqiyatli ro‘yxatdan o‘tkazilgach, Siz yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylanasiz. Yutuqli o‘yin o‘tkaziladigan kun ishtirokchilarga chekning ro‘yxatga olingan raqami yuboriladi.
Har bir iste’molchi bitta savdo shoxobchasidan bir kunda faqat ikkita, xarid miqdori 1000 (ming) so‘mdan kam bo‘lmagan chekni ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.
Yutuqli chek o‘yinlari ishtirokichilariga qo‘yiladigan talablar:
– ro‘yxatdan o‘tkazilgan QR kodli cheklarni tashlab yubormaslik va uni asl holida saqlash lozim.
– g‘oliblar sovrinni olishi uchun asl holatdagi yutuqli chek va shaxsini tasdqlovchi hujjat taqdim etishi shart.
Muhim! Chekning nusxasi, yirtilgan yoki yozuvlari o‘chib ketgan, yaroqsiz holdagi cheklar haqiqiy hisoblanmaydi. Yutuq chiqqan taqdirda, bunday cheklar sovrin berish uchun asos bo‘la olmaydi.
QR kodli cheklar qayerda beriladi?
Bugungi kunda respublika miqyosida turli savdo nuqtalarida o‘rnatilgan 64 mingdan ortiq onlayn NKM yoki virtual kassa ro‘yxatga olingan.
Hozirda barcha dorixonalar, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, tamaki va alkogol mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi savdo nuqtalarida hamda yirik savdo tarmoqlarida onlayn NKM yoki virtual kassadan biri o‘rnatilgan.
Iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida SOLIQ mobil ilovasida smart kassa o‘rnatilgan shoxobchalar bo‘yicha qidiruv (geolokasiya) funksiyasi yaratilgan.
Kimlar qatnashadi?
Yutuqli chek o‘yinlarida O‘zbekiston Respublikasining barcha hududidagi iste’molchilar ishtirok etishi mumkin.
Agar g‘oliblar orasida 18 yoshga to‘lmagan va muomalaga layoqatsiz jismoniy shaxslar aniqlansa, yutuqlar ularning qonuniy vakillari tomonidan vakilligini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatgan holda olinishi mumkin.
Gʻolib bo‘lish ehtimoli xarid miqdoriga bog‘liq emas. Cheklar soni g‘olib bo‘lish imkoniyatini oshiradi.
Nima yutish mumkin?
Har bir tirajda quyidagi yutuqlar o‘ynaladi:
· 1 ta avtomobil Chevrolet Nexia 3;
· 3 ta televizor;
· 3 ta kir yuvish mashinasi;
· 3 ta konditsoner;
· 3 ta gaz plita;
· 3 ta dazmol;
· 4 ta velosiped.
Sovrinlar Davlat soliq qo‘mitasida tantanali ravishda topshiriladi. Mamlakatning uzoq hududlarida yashovchi iste’molchilar sovrinlarni topshirish marosimida ishtirok eta olmagan taqdirda, yutuqli chek o‘yinlari tashkilotchilari sovrinlarni egasiga hududiy davlat soliq boshqarmalari orqali yetkazib beradi.
Bunda yutuq sohiblari yutuq uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod bo‘ladi. Bu yutuqli o‘yin tashkilotchilari zimmasida.
Hurmatli iste’molchilar, agar Siz mahsulot yoki xizmat uchun chek berishni rad etish holatiga duch kelsangiz, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ishga tushirilgan “Soliq hamkor” («Nalogovыy partner») axborot tizimi orqali xabar bering.
Tizim bir necha yo‘nalishda masofaviy hamkorlikni taklif etadi:
– @soliq_hamkor_bot – telegram-boti;
– my.soliq.uz – elektron soliq xizmatlari portali;
– “Soliq hamkori” – SOLIQ mobil ilovasi bo‘limi.
Bundan tashqari, soliq xizmati organlarining “ishonch telefoni” – (71) 244-98-98 ga murojaat qiling.
Soliq organlari Sizning huquqingizni himoya qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Soliq kodeksining 221-moddasiga muvofiq, chek berishni rad etish 5 million so‘m jarima solishga sabab bo‘ladi.
Cheklarni talab qiling, ro‘yxatdan o‘tkazing, saqlab qo‘ying va yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylaning!
DSQ Matbuot xizmati