Joriy yilning 26-avgust kuni Nukus shahrida yutuqli chek o‘yinlarining VIII tiraji o‘tkazilgan edi. Unda onlayn nazorat-kassa texnikalaridan berilgan 120 mingga yaqin chek ishtirok etdi.
O‘yin odatdagiday 22:00 dan boshlab “O‘zbekiston” telekanali va rasmiy saytida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.
Yutuqli chek o‘yinlarining ushbu tirajida Toshkent, Samarqand, Shahrisabz shaharlari, Samarqand viloyati Payariq tumani, Jizzax viloyati Baxmal tumani, Sirdaryo viloyati Mirzaobod, Guliston tumani, Farg‘ona viloyati Buvayda tumani isteʼmolchilari g‘oliblar safidan joy oldi.
Super yutuq – Spark avtomashinasi atiga 5 ming so‘mlik xarid cheki evaziga Farg‘ona viloyati Rishton tumanida istiqomat qiluvchi isteʼmolchiga nasib etgan edi.
Davlat soliq qo‘mitasida yutuqli chek o‘yinlarining 2021-yildagi VIII tiraji g‘oliblariga sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.
Omadli chek sohiblari o‘z taassurotlari bilan bo‘lishdi:
Hayotxon Halimova, pedagog – velosiped sohibasi
Yutuqli chek o‘yinlari haqida bilganimga 5-6 oy bo‘ldi. O‘shandan beri har bir tirajda ishtirok etib kelaman. Bu loyihani butun oilamiz bilan birga kuzatib boramiz. Sakkizinchi tirajni ham jonli efirga kuzatdik. Sovrindor bo‘lganim meni bu o‘yinga ishonchimni yanada mustahkamladi.
Lyubov Ro‘zmetova, muhandis – konditsioner sohibasi
Turmush o‘rtog‘im bilan kreditga konditsioner olishni rejalashtirib yurgandik. Yutuqli chek o‘yinlarida aynan konditsioner sohibasi bo‘lganim ayni muddao bo‘ldi. G‘olib bo‘lganimni bilib juda ham sevinib ketdim, hatto hamon hayajondaman. Barcha isteʼmolchilarni chek o‘yinlarida ishtirok etishga chorlab qolaman.
Rahmonov Valijon super yutuq – Spark avtomashinasi sohibi
Men yutuqli chek o‘yinlarida avtomobil sohibi bo‘lganimdan juda ham baxtiyorman. Menga jonli efirdan qo‘ng‘iroq qilib g‘olib bo‘lganimni aytganda hayajondan o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. O‘sha paytdagi quvonchimni so‘z bilan taʼriflab berolmayman. Yutuqli chek o‘yinlari isteʼmolchilarda xarid uchun chek talab qilish orqali o‘z huquqlarini himoya qilish ko‘nikmasini shakllantiradi. Ham oilalar byudjetiga, ham davlat byudjetiga foyda keltiradigan ijtimoiy loyiha. Sizlar ham ishtirok eting va g‘olib bo‘ling!