Davlat soliq qo‘mitasi ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish interaktiv xizmati – E-ijara dasturini ishga tushirdi.
2022-yilning 1-yanvaridan amaliyotga to‘liq joriy qilish rejalashtirilayotgan ushbu xizmat ijara.soliq.uz manzilida sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu jarayonda jismoniy va yuridik shaxslar joriy yilning 1 dekabriga qadar ixtiyoriy ravishda ishtirok etib, taklif va mulohazalarini DSQ Call-markazi – 1198, ishonch telefoni – 71-244-98-98, telegram messenjeridagi "Tadbirkor va Soliqchi" guruhiga hamda my.soliq.uz portalidagi shaxsiy kabineti orqali yo‘llashi mumkin. Ishtirokchilar tomonidan bildirilgan asosli takliflar inobatga olinadi.
E-ijara dasturi rasman amaliyotga joriy qilingandan so‘ng:
– yuridik shaxslarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish ariza beruvchining davlat kadastr maʼlumotlari bazasida ko‘chmas mulkka ega bo‘lgan, ijara yoki ko‘chmas mulkdan tekin foydalanish shartnomasi soliq organlarida hisobga qo‘yilgan taqdirda amalga oshiriladi;
– yangi tashkil etilayotgan yuridik shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish ariza beruvchining davlat kadastr maʼlumotlari bazasida ko‘chmas mulkka egaligi yoki ijaraga beruvchining kafolat xati asosida soliq organlarida hisobga qo‘yilgan ko‘chmas mulk ijara maʼlumotlari mavjud bo‘lganda amalga oshiriladi;
– yuridik shaxslar davlat ro‘yxatidan o‘tgan sanadan boshlab o‘n kun muddatda arizada ko‘rsatilgan yoxud boshqa ko‘chmas mulk ijara shartnomasini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘ymasa yuridik shaxs manzilda yo‘q deb eʼtirof etiladi;
– ijaraga olingan yoki tekin foydalanilayotgan ko‘chmas mulk obyektida saqlanayotgan tovar-moddiy zaxiralar ushbu ko‘chmas mulk obyektining ijara shartnomasi hisobga qo‘yilgan taqdirdagina haqiqiy deb tan olinadi va soliqqa tortish maqsadlarida inventarizatsiyadan o‘tkaziladi.
E-ijara soliq xizmatlari ko‘rsatishda inson omilini qisqartirish orqali korrupsiya holatlarini bartaraf etish, bozorda teng raqobat muhitini yaratish, halol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda yashirin iqtisodiyotning oldini olishga xizmat qiladi.