Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 21-aprelda Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Ko‘kdala tumanida 4 ta yangi maktab qurish haqida ko‘rsatma bergandi. Bugun ana shu maktablarning birinchisi foydalanishga topshirildi.
Ko‘kdala tumanining Xo‘jaobod qishlog‘ida Davlat soliq qo‘mitasi homiyligida bunyod etilgan yangi maktabning ochilish marosimida Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev hamda Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘quvchilarni yangi o‘quv yili bilan qutlab, o‘qib, ulkan ilm-fan yutuqlariga erishish yo‘lida kuch-quvvat va muvaffaqiyatlar tiladi.
Mazkur hududda aholi soni ko‘pligi bois, 160 o‘ringa mo‘ljallangan eski maktabda o‘quvchilar soni 400 nafardan oshib ketgandi. Tabiiyki, o‘quv xonalarining yetishmasligi, sinfda o‘quvchilar sonining me’yordan oshiqligi taʼlim sifatiga salbiy taʼsirini ko‘rsatmasdan qolmasdi.
Yangi o‘quv yilida ikki qavatli, 240 o‘ringa mo‘ljallangan maktab binosining qurib, foydalanishga topshirilishi Ko‘kdala tumanidagi kattayu kichikni birdek xursand qildi. Endi xo‘jaobodlik yoshlar zamonaviy taʼlim standartlariga javob beradigan maktabda taʼlim olish imkoniga ega bo‘ldi.
Maktab zarur o‘quv jihozlari, sport anjomlari, laboratoriya xonalari bilan to‘liq ta’minlangan. Quvonarlisi, endi maktab hududida mini futbol stadioni ham mavjud. Ta’lim dargohida elektr energiyasi bilan bog‘liq muammo kuzatilmaydi. Chunki maktab uchun maxsus quyosh paneli o‘rnatildi.
Ma’lumot uchun, mazkur maktab Davlat soliq qo‘mitasi homiyligida Buxoro viloyatida qurilgan maktabdan keyin bunyod etilgan ikkinchi ta’lim dargohidir.
Ochilish marosimi o‘quvchilarning sheʼrlari, taniqli sanʼatkorlarning kuy-qo‘shiqlariga ulanib ketdi. Ko‘kdala tumanidagi mazkur yangi maktabdan kelgusida yurt ravnaqi uchun xizmat qiladigan yigit-qizlar yetishib chiqishiga tilakdoshmiz.